Olimlar: infarkt va insult xavfi belgilari 30 yil oldin paydo bo‘lishi mumkin
Xalqaro olimlar guruhi infarkt va insult xavfini ko‘rsatuvchi belgilarni ular yuz berishidan 30 yilgacha oldin aniqlash mumkinligini ma’lum qildi. Mutaxassislar to‘rtta uzoq muddatli tadqiqot doirasida 113 mingdan ortiq kishining tibbiy ma’lumotlarini o‘rgandi, ishtirokchilarning o‘rtacha yoshi 46 yosh bo‘lgan, ayrimlari 34 yil davomida kuzatilgan. Keyinchalik yurak-qon tomir muammolariga duch kelganlarda qon bosimi, xolesterin miqdori va troponin oqsili darajasidagi farqlar o‘nlab yillar oldin ham kuzatilgan. Kam jismoniy faollik, «yaxshi» xolesterinning pastligi va buyraklar faoliyatining yomonlashuvi ham dastlabki xavf omillari qatoriga kirgan. Mualliflar bitta tahlil orqali infarktni oldindan aytib bo‘lmasligini, biroq bu ko‘rsatkichlarni umr bo‘yi muntazam nazorat qilish xavfni ancha oldin aniqlashga yordam berishini ta’kidlagan — deyiladi tadqiqot natijalarida.